Bolalarning yozgi dam olish oromgohi — bu ularning yoz faslida ta’til vaqtidagi dam olish joyi bo‘lib, ularga salomatligini mustahkamlash, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va yangidan-yangi do‘stlar orttirish imkonini beradi.
Bu oromgohlar turli yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘pincha ular maktab o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatadi.
— Bu yilgi mavsumda tumanda 6 ta bolalar yozgi oromgohlari faoliyat yuritib, har bir davrada 1300 nafardan jami mavsum davomida 5000 nafarga yaqin bolalar qamrovi ko‘zda tutilgan, - dedi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Bunyod Rahmonqulov "SAFEDI" bolalar oromgohida o‘tkazilgan press-turda. Bundan tashqari viloyat hokimining 2024-yil 3-iyundagi 140-7-0-Q/24-sonli qaroriga asosan, "YOZ-2024" mavsumida maktab o‘quvchilarining maroqli dam olishlari va yangi o‘quv yiliga tayyor holda kelishlari uchun tasdiqlangan reja-jadval asosida 2024-yil 10-iyundan boshlab tumandagi 9, 11, 16, 41-sonli maktablar qoshida tashkil etilgan kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchalarida 4 davrada 700 nafar maktab o‘quvchilarining dam olib, sog‘lomlashtirilishi belgilangan.
Oromgohlarda bolalarning salomatligini yaxshilashga asosiy e’tibor qaratilib, ular maxsus tibbiy xizmatlar, fizik mashqlar va toza havo bilan ta’minlanadi.
Bu yerda bolalar turli sport turlari bilan shug‘ullanib, o‘zlarining jismoniy holatini yaxshilaydilar. Har xil sport o‘yinlari, musobaqalar bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Va yana oromgohlarda bolalar turli madaniy tadbirlar, ma’naviy darslar va ijodiy ishlar bilan band bo‘ladilar. Bu ularning dunyoqarashi va madaniy saviyasini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bolalarga ilm-fan, texnika, san’at va boshqa sohalarda yangi bilim va ko‘nikmalar hosil qilish asosida seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari hamda turli tadbirlar ham uyushtiriladi.
Qayd etish joizki, yozgi bolalar oromgohida mashg‘ulotlar maxsus kun tartibi asosida olib boriladi. Shuning uchun oromgohlar bolalarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Chunki, ular toza havoda ko‘p vaqt o‘tkazadilar va faol harakatda bo‘ladilar.
Toshpo‘lod YUSUPOV.
Suratlar muallifi: Bekzod QODIROV.
Copyright © 2024. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.