Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

YANGI MEHNAT KODEKSI JORIY ETILISHI BILAN XODIMLAR UCHUN TA’TILLARNI KALENDAR KUNLARDA QANDAY HISOBLASH KERAK?

Yangi Mehnat kodeksi mehnat ta’tili davomiyligi borasida ularni hisob-kitob qilishda yangi talablarni nazarda tutadi:

1) ta’tillar avvalgidek ish kunlarida emas, balki kalendar kunlarida hisoblab chiqariladi;
2) asosiy ta’tilning eng kam davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil qiladi (ilgari – o‘n besh ish kuni edi).
Har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi mehnat kodeksining 217-moddasiga asosan, yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.(eski mehnat kodeksiga ko‘ra 15 ish kuni edi).
Shuningdek, Har yilgi mehnat ta’tillarining davomiyligini hisoblab chiqarishda yangi MKning 221-moddasini eslab qolish va to‘g‘ri qo‘llash muhimdir:
- Xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.
Har yilgi mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta’tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi olti kunlik ish haftasi hisobidan kalendar bo‘yicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi. Shuningdek, ish beruvchi xodimlarga har yilgi yillik mehnat ta’tilini berishda quyidagi qo‘shimcha ta’tillarini ham hisobga olish zarur. Yangi mehnat kodeksida bitta tashkilotda 5 yildan ortiq ishlagan xodimlar uchun qo‘shimcha mehnat ta’tili berilishi nazarda tutilgan. Bunda, Xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo‘lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi(Asos 220-modda). Bu norma ham yangilik hisoblanadi. Sababi xodimlarga eski mehnat kodeksiga ko‘ra, ushbu turdagi qo‘shimcha ta’til berish nazarda tutilmagan edi.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 401-moddasiga ko‘ra, xodimlarga 4 kalendar kun bo‘lgan qo‘shimcha ta’til berish ham belgilangan. Unga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Ish beruvchilar e’tiborga olish kerakki, Har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.
Bunda, barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketmasligi inobatga olinishi zarur.

B.XOLMURODOV,
tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.


Дата добавления: 31/01/2024 14:28;   Просмотров: 63
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку