Xalqimiz orasida “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Qari bilganni pari bilmas” kabi hikmatli iboralar mavjud. Bu iboralar hayotimizda o‘z isbotini topgan.
Aslida ham butun umr davomida mehnat qilib, farzandlarini tarbiyalab, uyim-joyim deb yashayotgan har bir inson keksayganda hurmat-izzat ko‘rishga va e’zozlanishga munosibdir.
Darhaqiqat, keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Zuhra Ibragimiva ham xuddi shunday yurakga yaqin kishilarda bo‘lib, tumandagi “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qilayotgan onaxonimiz, el olqishiga sazovor keksalardan biridir.
Z.Ibragimova 15-mart kuni 1945-yilning erta bahorida tavallud topdi. 1963-1975 yillar shahardagi “Shoyi to‘qish” fabrikasida faoliyat yuritdi. Shu bilan birga qarib yarim asrdan buyon bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanib keladilar. Mehnatkash, jonkuyar ayol nafaqada bo‘lsa ham tinib tinchimaydi. Onaxon yashab turgan xonadon hovlisining tomorqasiga kundalik ehtiyojiga kerak bo‘ladigan turli xil ro‘zg‘orbob mahsulotlar ekilgan. Hovlisiga kirsangiz anvoyi gullar gurkirab, chinni rayhonlar isi ufurib turadi. Yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida o‘z xizmatlarini ayamay mustaqillikning ilk yillarida otinoyi sifatida elga manzur bo‘lgan faollardan. Ayajon yoshligidan “Qur’on” kitobini qiroatini o‘rganib, o‘ndan ortiq shogirdlar chiqargan.
Ayni paytda 79-bahorini qarshilagan onaxon farzandlari, nevaralar hamda evaralari qurshovida, el-yurt ravnaqi uchun qilgan xizmatlarining rohatini ko‘rib, umrguzaronlik qilyaptilar. Onaxonimizni yo‘qlab uyiga borganimizda, bahoriy shoh taomi hisoblangan Sumalak katta dosh qozonda qaynab turardi. Oila davrasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirda farzandlar hamda nabiralar sumalak tayyorlash jarayoniga bevosita o‘z hissalarini qo‘shmoqda edilar. Sumalak tayyorlash aslida mashaqqatli mehnat ekanligini his etdik deydi, bolajonlar. Biz doim tayyor va shirin taomni maroq bilan iste’mol qilar edik. Mana bugun hojiayamiz milliy taomlarimizdan hisoblangan sumalakning kelib chiqish tarixini so‘zlab berishdi. Shu bilan birga, uni tayyorlashning sir-asrorlarini ham o‘rgatishdi. Shundan so‘ng, doshqozon atrofida oila a’zolari tomonidan samimiy suhbat qurilib, kuy-qo‘shiqlar kuylandi. Insonlarni birdamlik, ahillikka chorlovchi sumalak sayli bolajonlar uchun bir umrga esda qolarli xotiralarga boy bo‘ldi.
Donishmandlardan biri: - Keksalarni etsang azizu hurmat, Seni ham keksaygach etishar hurmat, - degan ekan. Shu ma’noda gapirganda, bugun nuroniy hojionamiz va faxriylarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda g‘amxo‘rlik ertaga o‘z mevasini berishi shubhasiz.
Gulandon SUVONOVA.
Copyright © 2024. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.