Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarining huquqiy maqomi bo‘yicha alohida talablar belgilanadi

Adliya vazirligi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga egalik huquqini berish tartibiga oid yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Mazkur hujjat yaqin kunlarda Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

23 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi tomonidan prezidentning «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda yangi qabul qilingan farmonning mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Kun.uz muxbiri mas’ullarga quyidagi savol bilan murojaat qildi: «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga egalik huquqini berish tartibiga oid yana bir hujjat loyihasi idoralararo muhokama qilingani haqida ma’lumotga egamiz. Manbalarimiz bu hujjat ayni paytda Adliya vazirligida ekspertizada deyishmoqda. Shunday loyiha bormi, agar bor bo‘lsa qaysi bosqichda? Ushbu hujjat prezidentning 2018 yil 20 apreldagi PF-5421-son farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 461-son qaroridan qanday farqi bo‘ladi?»

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovning ma’lum qilishicha, yangi qonun loyihasi vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan va yaqin kunlarda Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

«Fuqarolar uchun bu juda ham muhim masala. Shu jihatdan, buni qonun bilan tartibga solishimiz kerak. Hujjat loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va keng muhokama qilinyapti.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarining ham alohida talablari mavjud, ya’ni undan qanchadir muddat foydalanilgan, ammo huquqiy tomondan rasmiylashtirilmagan yoki o‘sha paytda qaysidir davlat organining qarori bilan yer ajratilmagan bo‘lishi mumkin. Butun respublika bo‘yicha millionlab odamlarda bunaqangi holat mavjud, shu sabab ushbu masalani hal qilish uchun qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Ayni paytda bu hujjat Qonunchilik palatasiga kiritilish bosqichida. Vazirlik va idoralar bilan hujjat matni birgalikda ko‘rib chiqilib, kelishildi, hukumat bilan ham birgalikda ishlandi. Ushbu qonunda oldingilaridan farqli ravishda alohida talablar belgilanmoqda», dedi Alisher Karimov.

Ma’lumot uchun, amaldagi qonun hujjatlarida ham yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari (8,5 mln), mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari(17 mln) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari (51 mln), mansabdor shaxslarga esa — uch yuz baravari (102 mln) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Дата добавления: 30/01/2024 10:24;   Просмотров: 88
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку