Vatan himoyasi – muqaddas burch. Shu ma’noda mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash
yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan harbiylarning mas’uliyatli va sharafli mehnatlari har qancha e’zoz va e’tirofga loyiqdir.
Samarqand tumanida ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va 14-yanvar-Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda so‘z olgan tuman hokimi Sirojiddin Usmonov so‘nggi yillarda mamlakatimizda harbiylik kasbining nufuzi oshib, yigitlarimiz uchun Vatan himoyachisi bo‘lish shon-sharaf ishiga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Yurtimizda zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, milliy qadriyatlarimiz va ajdodlarimizning jangovor an’analariga tayangan professional armiya shakllangani, uning saflarida esa yuksak jismoniy tayyorgarlik, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan o‘g‘lonlar xizmat qilayotgani xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng Vatanimiz mudofa qudratini mustahkamlash va mamlakatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yoshlarni Vatanga sadoqat va muhabbat ruxida tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan katta hissasi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir gurux askar va zobitlar tuman hokimining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi. El suyugan san’atkorlar va yosh ijrochilar tomonidan aytilgan kuy-qo‘shiqlarda Ona vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat, burchga sadoqat kabi insoniy tuygular yana bir bor ulug‘landi.
S.NARZULLAYEVA.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.